BMT haqida

Birlashgan Millatlar Tashkiloti – xalqaro tashkilotdir. U 1945 yilning 24 oktyabr kunida butun insoniyatni yangi jahon urushidan saqlab qolish maqsadida tashkil etilgan. Hozirda BMTga a'zo bo`lgan mamlakatlarning soni 193. BMTning ish faoliyati uning Ustavida belgilangan maqsadi va tamoyillari asosida amalga oshiriladi.

Globalizasiya sharoitida rivojlanayotgan dunyoda BMT quyidagi yo`nalishlarda o`z faoliyatini olib boradi:

Xalqaro tinchlik va xavfsizlikni ta'minlash

BMTni tashkil etishdan asosiy maqsad xalqaro tinchlik va xavfsizlikni ta'minlash edi. Ushbu maqsadga erishish yo`lida BMT turli to`qnashuvlarning oldini olish, biri-biri bilan to`qnashayotgan tomonlarni yarashtirish, tinchlikparvar operasiyalarni amalga oshirish hamda tinchlik-totuvlikni saqlab qolishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi. Mazkur chora-tadbirlar biri-birini to`ldirib, biri-biri bilan chambarchas bog`lanib ketadi. BMTning Xavfsizlik Kengashi xalqaro tinchlik va xavfsizlikni o`rnatishda asosiy javobgar organ bo`lib hisoblanadi. Xavfsizlik Kengashi, Bosh kotib hamda boshqa BMT tashkilotlari mazkur sohada hal qiluvchi ahamiyatga egadir. 

 

Barqaror rivojlanish va taraqqiyotni ilgari surish

O`z faoliyatini boshlashidanoq, 1945 yilning o`zida BMTning ustuvor yo`nalishlaridan biri “iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, yoki gumanitar masalalarni echishda, inson huquqlari va erkinliklarini - irqiy, jinsiy, til, yoki diniy alomatlarga qarab ajratmasdan – hurmat qilish, e'zozlash va ilgari surish maqsadida xalqaro hamkorlikni o`rnatish”dan iborat bo`lgan. Barcha insonlarning farovonligini oshirish BMTning eng asosiy maqsadlaridan biri bo`lib kelmoqda. Dunyo mamlakatlarining rivojlanish va taraqqiyot to`g`risidagi tushunchalari yillar davomida o`zgarib, hozirda mamlakatlar tomonidan aynan barqaror rivojlanish va taraqqiyot – ya'ni yuksalish va iqtisodiy imkoniyatlarni yaratuvchi, ijtimoiy farovonlikni ta'minlovchi, tabiatni asrashga yordam beruvchi rivojlanish – dunyoda yashovchi har bir insonning turmushini yaxshilashga mustahkam zamin yaratishi mumkinligi to`g`risida muhim bir kelishuvga erishildi. 


Inson huquqlarini himoya qilish

“Inson huquqlari” atamasi BMT Ustavining matnida etti marotaba keltirilgani BMT faoliyatining ustuvor yo`nalishlari va asosiy tamoyillaridan biri inson huquqlarini himoya qilish va ilgari surish ekanligidan dalolat beradi. 1948 yilda Umumjahon Inson huquqlari deklarasiyasi inson huquqlari tushunchasini xalqaro huquq sohasiga kiritdi. Shundan beri BMT tegishli huquqiy vositalar va bir qator aniq chora-tadbirlar orqali inson huquqlarini himoya etib kelmoqda.

 


Xalqaro huquq uchun zamin yaratish

BMT Ustavining kirish so`zida “adolat hamda bitim va boshqa xalqaro huquq manbai bo`lmish hujjatlardan kelib chiquvchi majburiyatlarning bajarilishini ta'minlovchi shart-sharoitlarni yaratish” degan aniq bir maqsad belgilab olingan. BMT tashkil etilishidanoq xalqaro huquqni rivojlantirish, takomillashtirish va uning bajarilishini ta'minlash BMT faoliyatining eng muhim yo`nalishlaridan biri bo`lib kelmoqda. Mazkur yo`nalishdagi ishlar sud va tribunallar tomonidan, ko`p tomonlama bitimlar asosida amalga oshirilib kelmoqda. Shuningdek, BMTning Xavfsizlik Kengashi tinchlikparvar missiyalarini ma'qullash, sanksiyalarni o`rnatish, xalqaro tinchlik va xavfsizlikka tahdid solinayotgan holatlarda qurolli kuchlardan foydalanish haqidagi qarorlarni qabul qilish huquqiga ega. BMTga bunday vakolatlar uning Ustavi, ya'ni xalqaro bitim deb hisoblanmish hujjat bilan berilgan. BMT Ustavining o`zi xalqaro huquq vositasi bo`lib, BMTga a'zo bo`lgan barcha mamlakatlar uni bajarishga, unga rioya etishga majbur. BMT Ustavida barcha davlatlarning suvereniteti, teng huquqliligi tushunchasidan tortib to xalqaro munosabatlarni qurishda kuch ishlatmaslik kabi xalqaro aloqalarning asosiy tamoyillari aniq belgilab olingan. 



Gumanitar yordamni etkazib berish

BMTning Ustavida belgilanganidek, “iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, yoki gumanitar masalalarni echishda xalqaro hamkorlikni o`rnatish” tashkilotning asosiy maqsadlaridan biridir. Bunday gumanitar yordam ilk bora BMT tomonidan Ikkinchi Jahon urushi oqibatida achinarli ahvolga kelib qolgan Evropa hududida yashovchi xalqlarga etkazib berilib, BMT butun Evropani qayta qurishga katta hissasini qo`shdi. Odamlar sabab bo`lgan falokat va tabiiy ofatlar oqibatida aziyat chekayotgan aholiga gumanitar yordamni etkazib berish bilan bog`liq ishlarni amalga oshirishga alohida mamlakatning bir o`zi ojizlik qilayotgan hollarda bunday ishlar BMTga topshiriladi. 

 

 

BMT Bosh kotibining roli

BMTning Bosh kotibi – diplomat, inson huquqlarining himoyachisi va tashkilotning eng birinchi etakchisi bo`lib, BMTning qadriyatlarini o`zida mujassam ettiradi, butun insoniyat nomidan, ayniqsa eng zaif bo`lgan aholi nomidan gapirish, insoniyat manfaatlarini himoya qilish vakolatiga egadir. Hozirda BMTning to`qqizinchi Bosh kotibi lavozimini 2017 yilning 1 yanvaridan boshlab Portugaliyalik janob Antoniu Guterrish egallab kelmoqda.

BMTning Ustavida Bosh kotib tashkilotning “katta ma'muriy xodimi” deb ta'riflanadi va mazkur lavozim egasiga berilgan vakolatlar doirasida harakat qilib, Xavfsizlik Kengashi, Bosh Assambleya, Iqtisodiy va ijtimoiy kengash va BMTning boshqa organlari tomonidan “yuklatilgan boshqa vazifalarni” bajaradi. Shuningdek, BMT Ustavi Bosh kotibga “u xalqaro tinchlik va xavfsizlikka tahdid solishi mumkin deb hisoblagan barcha masalalarni Xavfsizlik Kengashi e'tiboriga havola etish” vakolatini ham bergan. Boshqacha qilib aytganda, BMT Ustavida Bosh kotibga, uning boshqarmasiga nihoyatda keng ko`lamdagi vakolatlar berilgan. Albatta, BMT Bosh kotibi BMTga a'zo bo`lgan mamlakatlarning fikrini inobatga olishi ko`zda tutilgan, biroq har vaziyatda u BMTda joriy etilgan qadriyat va tamoyillarga rioya etishi Bosh kotibga qo`yiladigan eng asosiy talablardan biridir. Shu sababdan ham Bosh kotib ba'zan BMTga a'zo bo`lgan mamlakatlarning fikriga zid keladigan qarorlarni qabul qilishiga ham to`g`ri keladi. 

 

 

BMT Nizomi
Inson huquqlari buyicha deklarasiya