Samarali boshqaruv va qonun ustuvorligi

 

Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishishda samarali boshqaruv, boshqaruv tizimini isloh qilish naqadar muhim ekanligini anglagan holda, hamda barcha insonlar uchun adliya, sud tizimidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, barcha bosqichlardagi davlat idoralarining ochiqligi, oshkoraligi va hisobdorligini yanada oshirish maqsadida O`zbekiston Respublikasi hukumati va Birlashgan Millatlar Tashkiloti tizimi o`rtasida quyidagi natijaga erishish yo`lida hamkorlik qilishga kelishildi:

2020 yilga qadar davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirib, davlat xizmatlarining sifatini oshirishga, qamrovini kengaytirishga, barcha insonlarning huquq, qonuniy manfaatlari va erkinliklarini samarali himoyalovchi sud tizimini ta'minlashga qaratilgan keng ko`lamli chora-tadbirlarni amalga oshirish.

Mazkur natijaga erishish maqsadida quyidagi yo`nalishlarda hamkorlik qilishga kelishildi:

a) Davlat boshqaruvini yanada takomillashtirishga qaratilgan islohotlarni qo`llab-quvvatlash orqali aniq fakt va ma'lumotlarga asoslangan siyosat va qonun hujjatlarini ishlab chiqarish tizimini joriy etishga yordamlashish hamda barcha bosqichlardagi davlat idoralarining samaradorligi, faoliyatining ochiqligi, oshkoraligini oshirish;

b) Davlat va xususiy sektorlar o`rtasidagi sheriklik, fuqarolik jamiyati, ayniqsa ijtimoiy himoyaga muxtoj bo`lgan aholi qatlamlarining manfaatlarini ilgari suruvchi fuqarolik jamiyati tashkilotlar va OAV bilan hamkorlikni kuchaytirgan holda ularni taraqqiyot jarayoni, qonunlarni ishlab chiqarish va amalga oshirish jarayonlariga muntazam ravishda jalb etishni ta'minlash;

v) Barcha insonlarni yuqori sifatli davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari bilan ta'minlash maqsadida “elektron hukumat” va axborot va kommunikasiyalar texnologiyalarini joriy etish. Bu borada BMT davlat idoralari faoliyati haqidagi ma'lumotlarni oshkora qilish, ulardan foydalanish imkonlarini kengaytirishga qaratilgan choralarni qo`llab-quvvatlab, hukumat qarorlarini qabul qilishda keng jamoatchilikning ishtirokini yanada faollashtirish bo`yicha ishlarni olib boradi;

Shuningdek, quyidagi yo`nalishlarda ham keng ko`lamdagi ishlar rejalashtirilgan:

a) Sudlarning mustaqilligini yanada oshirish, sud boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish, voyaga etmaganlar bilan bog`liq sud ishlarini ko`rib chiqish bo`yicha tartib-taomillarni yanada takomillashtirish. Bu borada BMT respublika hukumati tomonidan olib borilayotgan islohotlar, jumladan, sud boshqaruvi tizimini yaxshilash, sudlarning mustaqilligini oshirish, sudlardagi tartib-taomillarni takomillashtirishga qaratilgan islohotlarni qo`llab-quvvatlashni rejalashtirgan. Bundan tashqari, bolalar, voyaga etmagan shaxslar bilan bog`liq sud ishlarini ko`rib chiqish, bular yuzasidan sud qarorini qabul qilish tartib-taomillarini yaxshilashga alohida e'tibor beriladi.

b) Xalqaro konvensiyalar va BMT organlari tomonidan joriy etilgan bitimlar doirasida O`zbekiston o`z zimmasiga olgan majburiyatlarini bajarishida uni qo`llab-quvvatlash. Bu borada BMT o`zining hamkorlari bilan birgalikda O`zbekistonda qabul qilingan qonun hujjatlarini xalqaro bitimlar bilan uyg`unlashtirish, mazkur bitim va milliy qonunchilik hujjatlarini bajarishga qaratilgan chora-tadbirlarni qo`llab-quvvatlashga intiladi. Shu jumladan, inson huquqlarini himoyalash bo`yicha BMT tomonidan taqdim etilgan tavsiyalarini bajarishga qaratilgan milliy ish rejalari va “Umumiy davriy tahlil” natijalariga asoslangan yo`l-yo`riqlarni bajarishda respublikaga yordam berish ko`zda tutilgan.

 

Habarlar_tematik yo'nalish IV