Inson salohiyatini ro'yobga chiqarish

 

Globalizasiya jarayonlari oqibatida yuzaga keladigan muammolarni echish, qonun ustuvorligi va inson huquqlarini himoya qilish tamoyiliga asoslangan demokratik jamiyat qurish, fan va texnologiyalarga asoslangan iqtisodiyotni qurish, qolaversa, barqaror taraqqiyot yo`liga o`tish uchun mamlakatlar inson salohiyatini kuchaytirishi lozim.

Insonning farovonligi sog`liqni saqlash va ta'lim sohalarining takomillashganligiga bog`liqdir. Bular bir-birini kuchaytirib turuvchi soha hisoblanadi, ya'ni sog`lom inson o`zining maqsadlar, orzu-umidlariga erishishga, savodli, bilimli, ta'lim olgan inson o`z sog`ligini asrashga, o`z oilasining salomatligini, natijada, butun mamlakatning taraqqiyotini ta'minlashga o`z hissasini qo`shishga qobilroq bo`ladi.

Sog`liqni saqlash

Sog`liqni saqlash xizmatlarining sifati va samaradorligini oshirish, kasalliklarni profilaktika qilish, sog`lom hayot tarzini ilgari surish, aholining eng zaif qatlamlarini zarur bo`lgan xizmatlar bilan ta'minlash kabi masalalar mamlakatning sog`liqni saqlash sohasidagi ustuvor bo`lib hisoblanadi. Mazkur masalalardan kelib chiqqan holda, hukumat va BMT o`rtasida quyidagi natijaga erishish yo`lida hamkorlik qilishga kelishildi:

2020 yilga qadar barcha insonlar butun umri davomida sifatli, teng huquqlilik tamoyiliga asoslangan, ochiq va hamyonbob tibbiy xizmatlaridan foydalanish imkoniga ega bo`ladilar.

Izoh:

Sifatli tibbiy xizmatlarga barcha turkumdagi tibbiy xizmatlar, ya'ni profilaktika, kasalliklarning oldini olish, davolash kirib, bunda asosiy e'tibor yuqumli va yuqumsiz kasalliklarga beriladi. Bunday tibbiy xizmatlar insonning butun umri davomida (bolalar, o`smirinlar, kattalarga) ko`rsatilishi lozim.

Xizmatlardan foydalanish imkoni tushunchasi Umumiy sog`liqni saqlash tamoyillari bilan chambarchas bog`liq bo`ladi.

YuNDAFning mazkur natijasi 3chi Barqaror rivojlanish maqsadi, ya'ni barcha yoshdagi insonlarning salomatligi va farovonligini ta'minlash maqsadiga muvofiqdir.

Mazkur natijaga erishish maqsadida BMT va hukumat quyidagi yo`nalishlarda hamkorlik qiladi:

a) Insonning butun umri davomida sifatli tibbiy xizmatlarni ta'minlab, bunda onalar va bolalar salomatligi, reproduktiv salomatlik kabi masalalarga alohida e'tibor berish. BMT O`zbekiston hukumatiga reproduktiv, jinsiy salomatlik, onalar sog`ligini ta'minlash bo`yicha xizmatlarni ishlab chiqish, ona va bola salomatligini ta'minlash tizimini takomillashtirish, ona va bolalar orasidagi o`limni yanada qisqartirishga yordam beradi.

b) OIV/OITS va sil kabi yuqumli kasalliklarga chalinish holatlarini qisqartirish. Mazkur sohada BMT O`zbekiston hukumatiga yoshlar va OIV-infeksiyasiga chalinish xavfi yuqori bo`lgan aholi orasida targ`ibot-tashviqot ishlarini olib borish, turli kasalliklarning oldini olish, profilaktika bo`yicha xizmatlarning sifatini oshirish, xalqaro andozalarga muvofiqlashtirishga yordam beradi;

v) Yuqumsiz kasalliklarga qarshi kurash, bunda qon aylanishi tizimini yaxshilash va saraton kasalligiga qarshi kurashga asosiy e'tiborni berish. BMT tegishli qonun hujjatlarini ishlab chiqish, jamoatchilik orasida yuqumsiz kasalliklarning oldini olish va sog`lom turmush tarzi bo`yicha targ`ibot-tashviqot ishlarini olib borish hamda ilg`or xalqaro andoza va tajribalarni mamlakatda joriy etish kabi yo`nalishlarda O`zbekistonga o`z yordamini beradi.

g) Sog`liqni saqlash tizimini boshqarishni yanada takomillashtirish. BMT milliy qonunlarni aniq dalil va faktlarga asoslangan holda ishlab chiqish uslubini joriy etishda mamlakatga yordam berib, sog`liqni saqlash tizimini yanada samaraliroq boshqarish va uni moliyalashtirishni takomillashtirishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlarni amalga oshiradi.

Ta'lim

Ta'lim olish huquqi eng asosiy inson huquqlaridan biridir. Mazkur huquq inson rivojlanishini ta'minlovchi asosiy omil hamdir. Ta'lim orqali insonlar o`zining turmushini yaxshilash, kerakli bilim va tajribalarni o`rganish imkoniga ega bo`ladi, ayniqsa ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan zaif bo`lgan aholi qatlamlari o`zining moddiy ahvolini yaxshilashga erishadi.

Mamlakat hukumati maktabgacha ta'lim muassasalariga borayotgan bolalar sonini ko`paytirishga, barcha bosqichdagi ta'lim tizimining sifatini yaxshilashga, inson butun umri davomida ta'lim olish imkoniyatlarini kengaytirishga intilishini inobatga olgan holda, BMT hukumatga quyidagi natijaga erishishda o`z yordamini berishga tayyor:

2020 yilgacha barcha insonlar uchun yuqori sifatli butun umr davomidagi ta'lim olish imkoniyati ta'minlanadi

Mazkur natija Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan uyg`unlashtirilgan bo`lib, uning mohiyati barcha insonlar uchun butun umri davomidagi teng huquqlilik tamoyiliga asoslangan ta'lim olish huquq va imkoniyatlarini ta'minlashdan iboratdir.

YuNDAF doirasida O`zbekiston hukumati va BMT tizimi keyingi besh yillik davr mobaynida quyidagi yo`nalishlarda birga ishlashga kelishishdi:

a) Maktabgacha ta'lim muassasalariga boradigan bolalar sonini ko`paytirish hamda kattalar uchun uzluksiz ta'lim olish imkoniyatlarini kengaytirish (shu jumladan oliy ta'lim sohasida): erta bolalar ta'limi va rivojlanishi tizimiga bo`lgan qiziqish va talabni oshirish va boshlang`ich ta'lim sifatini yaxshilash maqsadida BMT “Rivojlanish borasidagi muloqot” dasturi doirasida bir qator keng ko`lamdagi tashabbuslarni amalga oshiradi;

b) Barcha inson uchun uzluksiz sifatli ta'lim olish huquq va imkoniyatlarini yanada yaxshilash: bu borada aniq tuzilmaga ega bo`lgan, gender masalalarni inobatga oluvchi monitoring va baholash tizimini yaratish hamda o`quvchilar va o`qituvchilar uchun asosiy ko`nikma, talab va standartlarni belgilovchi qoida va yo`l-yo`riqlarni ishlab chiqish ko`zda tutilgan.

v) Ta'lim sohasida aniq fakt va ma'lumotlarga asoslangan tartib-taomillarni joriy etish, o`qituvchilar uchun samarali ta'lim berish qoidalarini ishlab chiqish maqsadida tegishli ma'lumotlarni yig`ish.

Shuningdek, BMT oliy ta'lim sohasida gender tengligi g`oyalarini ham ilgari surib, barcha uchun teng huquqlilikka asoslangan imkoniyatlarni ta'minlashga chorlaydi. Bunda asosiy e'tibor rasmiy va norasmiy ta'lim darajasini tasdiqlash tizimini joriy etish orqali barcha uchun uzluksiz ta'lim olish imkoniyatlarini yaxshilash masalalariga qaratiladi.

 

Habarlar_tematik yo'nalish II