Inson huquqlari kuni (10 dekabr)

 “Tinchliksiz rivojlanish bo`lmaydi. Rivojlanish bo`lmasa tinchlik bo`lmaydi. Biroq inson huquqlari bo`lmasa rivojlanish ham, tinchlik ham bo`lmaydi.”

BMT Bosh kotibining o`rinbosari Yan Eliasson

Umumiy ma'lumot

BMTning Umumjahon Inson huquqlari deklarasiyasi 1948 yilning 10 dekabr kunida qabul qilingan. Shundan beri mazkur sana butun dunyo bo`ylab Inson huquqlari kuni sifatida nishonlanib kelmoqda. Mazkur kunda Umumjahon Inson huquqlari deklarasiyasi “dunyoning barcha xalqlari” uchun eng yuksak andoza bo`lib xizmat qilishi lozimligi g`oyasi ilgari suriladi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi tomonidan 1948 yilda qabul qilingan deklarasiyasi preambula va 30 ta moddadan iborat bo`lib, unda butun dunyoda yashovchi barcha erkak va ayollar haqli bo`lgan keng ko`lamdagi inson huquqlari va erkinliklari belgilab berilgan.

Mazkur deklarasiya dunyoning barcha mintaqalari va huquqiy an'analarga rioya etuvchi guruhlarning vakillari tomonidan ishlab chiqilgan. Vaqt o`tishi bilan u mamlakat hukumatlari va fuqarolar o`rtasida tuzilgan shartnoma deb hisoblanadigan bo`lib qoldi. Dunyoning deyarli barcha davlatlari mazkur deklarasiyani qabul etgan. Deklarasiya asosida barcha mamlakatlarda inson huquqlarini himoyalash, ayniqsa nogironlar, mahalliy xalq va ishchi migrantlar kabi aholining zaif guruhlarning inson huquqlarini himoyalash tizimlarini kengaytirish va takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Ushbu sana nimaga muhim?

- inson qadr-qimmati, teng huquqlilik – umumbashariy qadriyat bo`lib, jahondagi ozodlik, adolat va tinchlik tushunchalarining asosida yotadi

- inson huquqlariga hurmatsizlik, ushbu huquqlarning oyoq osti bo`lishi oqibatida inson vijdoniga sig`maydigan mudhish jinoyatlar sodir etililishi mumkin

- barcha xalqlar o`rtasida do`stona munosabatlarni rivojlantirish butun insoniyatning nihoyatda muhim vazifalardan biridir

Mazkur sanani BMT qay tarzda nishonlaydi?

Mazkur kun butun dunyo, mintaqa va alohida mamlakatlar miqyosida nishonlanadi. Ushbu sanani nishonlashdan asosiy maqsad inson huquqlarini himoyalash borasidagi yutuqlar, mavjud bo`lgan muammolarga jamoatchilikning, mazkur sohada tegishli qaror qabul qiluvchi mansabdor shaxslarning e'tiborini jalb etishdir.

Inson huquqlariga taalluqli bo`lgan muayyan masalalarga alohida e'tibor qaratish maqsadida mazkur sana har yili ma'lum bir shior ostida nishonlanadi. Masalan, 2014 yilning shiori “Inson huquqlari 365” bo`lib, uning ma'nosi har kuni Inson huquqlari kuni bo`lishi lozimligini anglatadi.

Bundan tashqari, har yili inson huquqlarini himoyalash sohasiga o`z hissasini qo`shgan, inson huquqlari yo`lida sa'y-harakat qilib kelayotgan shaxslarga BMTning maxsus Inson huquqlari sohasidagi sovrini taqdim etiladi. Mazkur sovrin shaxsan BMT Bosh kotibi tomonidan Bosh Assambleya yig`ilishida topshiriladi.

Ushbu sovrinni taqdim etish orqali BMT inson huquqlarini himoya qilish yo`lida harakat qilib yurgan faollarni taqdirlab, inson huquqlarini yanada kengroq ko`lamda ilgari surilishiga kuchli turtki beradi. Qolaversa, mazkur sovrinning yana bir ramziy ma'nosi har kuni boshqa insonlarning huquqini himoyalash yo`lida o`zini xavf ostiga qo`yib, kerak bo`lsa butun hayotini qurbon qilishga tayyor bo`lgan, ba'zan hattoki ismlari hech kimga ma'lum bo`lmagan faollarni qo`llash, ilhomlantirish va shu yo`lda jon bergan insonlarning ruhini shod etishdan iboratdir.

 

BMT Bosh kotibining IHK munosabati bilan yo`llagan murojaati

Inson huquqlari kuni O`zbekistonda