Xalqaro yoshlar kuni (12 avgust)

 

“Ushbu tarixiy ahamiyatga ega bo`lgan yilda dunyo mamlakatlari etakchilari barqaror taraqqiyot dasturini belgilab olishga tayyorgarlik ko`rayotgan ekan, mazkur sa'y-harakatlarga yoshlarning jalb etilishi nihoyatda muhimdir. Mazkur tarixiy kunda men barcha yoshlarni hammamiz uchun zarur bo`lgan taraqqiyot yo`liga chorlayman".                                                                                                                                                                                                                                                                                                                     BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun

Umumiy ma'lumot

1985 yilda BMT ilk bora Xalqaro yoshlar kunini nishonladi. O`zining o`n yillik faoliyatini nishonlash munosabati bilan BMTning Bosh Assambleyasi butun dunyoda yoshlarning sharoitini, turmushini yaxshilashga qaratilgan Umumjahon yoshlar dasturini joriy etdi.

Bosh Assambleya tomonidan joriy etilgan dasturda asosan ta'lim, bandlikni ta'minlash, qashshoqlik va ochlik bilan kurash, sog`liqni saqlash, atrof-muhitni muhofaza etish, giyohvandlikka qarshi kurash, voyaga etmagan shaxslar orasidagi jinoyatchilikka qarshi kurash, sog`lomlashtirish va ko`ngilochar tadbirlar, xotin-qizlar huquq va manfaatlari, globalizasiya, axborot va aloqa texnologiyalari, OITS/OIVga qarshi kurash, yoshlar va qurolli to`qnashuvlar hamda avlodlararo munosabatlar kabi masalalar qamrab olingan.

Hozirgi kunda Umumjahon yoshlar dasturining yoshlarning rivojlanishi, komillikka etishidagi o`rni nihoyatda kattadir. Dastur yoshlar bilan bog`liq turli masalalarni echishda dunyo mamlakatlarining salohiyatini oshirish hamda yoshlar jamiyat hayotida to`laqonli va faol ishtirok etishi uchun keng ko`lamdagi imkoniyat va sharoitlar yaratishga qaratilgan chora-tadbirlarni o`z ichiga oladi.

BMTning yoshlar dasturi boshqarmasi BMTning yoshlar masalalari bo`yicha asosiy organi bo`lib xizmat qiladi. Mazkur dastur doirasida BMT davlatlararo masalalarda muhim siyosiy qarorlarni qabul qilish, tadqiqot olib borish, yoshlar orasidagi hamkorlikni mustahkamlash kabi keng ko`lamdagi ishlarni amalga oshiradi.

1999 yilning 17 dekabr kunida BMT Bosh Assambleyasi o`zining 54/120 raqamli qarori bilan Xalqaro yoshlar masalasi bilan shug`ullanuvchi vazirlar konferensiyasida (Lissabon, 1998 yil 8-12 avgust) taklif etilgan tavsiyasini, ya'ni 12 avgust kunini Xalqaro yoshlar kuni deb e'lon qilinishini qabul etdi.

Ushbu sana nimaga muhim?

- yoshlar dunyo aholisining 24,6% tashkil etadi

- yoshlar, ularning etakchilik, ijodiy salohiyati, kuch-qudrati va jo`shqinligi dunyo jamiyatining doimiy rivojlanishi, taraqqiy etishi uchun o`ta muhimdir

Ushbu sanani BMT qay tarzda nishonlaydi?

Mazkur kunda butun dunyo bo`ylab yoshlar, ularning jamiyat rivojlanishidagi tutgan o`rni haqidagi tushunchalarni keng tarqatishga qaratilgan bir qator keng ko`lamdagi tadbirlar tashkillashtiriladi. Ushbu tadbirlar turli mavzulardagi konferensiyalarni o`tkazishdan tortib, katta miqyosdagi konsertlarni tashkil etish kabi ishlardan iborat.

2015 yilda nishonlanayotgan Xalqaro Yoshlar kunining mavzusi “Yoshlarning fuqarolik jamiyat hayotidagi ishtiroki” deb nomlanadi. Inson taraqqiyoti konsepsiyasini to`liq amalga oshirish uchun yoshlarning jamiyat hayotida faol ishtirok etishi nihoyatda muhim hisoblanadi. Shunga qaramasdan, ko`p holatlarda yoshlar jamiyatning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotida ishtirok etishi uchun yaratilgan imkoniyatlar nihoyatda kamdir, ba'zida esa bunday imkoniyatlar umuman mavjud emas.

Keyingi yillarda bir qator mamlakatlarda hukumat miqyosida, BMT agentliklari, mintaqaviy va ko`p tomonlama tashkilotlar, fuqarolik jamiyat institutlari, yoshlar tashkilotlari va tadqiqot institutlari tomonidan yoshlarning jamiyat hayotidagi faolligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar, maxsus milliy dasturlar amalga oshirilishi yo`lga qo`yilmoqda. Xalqaro Yoshlar kunini nishonlashga tayyorgarlik ko`rish doirasida mazkur sohaga javobgar bo`lgan Yoshlar masalalari bo`yicha idoralararo tarmoq, xususan mazkur tarmoqni boshqaruvchi Iqtisodiy va ijtimoiy ishlar bo`yicha departament va BMTTD tomonidan maxsus onlayn tashabbus amalga oshirildi.

 

 

 

BMT Bosh kotibining HYoK munosabati bilan yo`llagan murojaati

XYoK O`zbekistonda