Atrof-muhitni muhofaza qilish

 

O`zbekistonning iqlimi va geografik joylashuvi, qolaversa, uning noyob ekotizimlari atrof-muhitni muhofaza qilish mamlakat siyosatining pirovard yo`nalishlaridan biri deb belgilanishini taqozo etadi. O`zbekistonda oxirgi yillarda kuzatilayotgan iqtisodiy o`sishni inobatga olganda mamlakatda tabiatni muhofaza qilish va iqtisodiy rivojlanishga qaratilgan chora-tadbirlar o`rtasida muvozzanat o`rnatish masalasi dolzarbdir. Keyingi yillarda mamlakat hukumati energiya samaradorligi va barqaror, ekologiya nuqtai nazaridan zararsiz bo`lgan taraqqiyot yo`lini tanlab, mamlakat xalqi iqlim o`zgarishiga moslashishiga, tabiiy ofatlarga tayyorgarlik darajasini oshirishga qaratilgan keng ko`lamdagi chora-tadbirlarni rejalashtirgan. Qolaversa, cheklangan tabiiy resurslarga bo`lgan ehtiyojning tobora oshib borishi oqibatida yuzaga kelishi mumkin bo`lgan muammolarni hal qilishi, bunda inson huquqlarini ham himoya qilish, ayniqsa qishloq hududlarida yashovchi aholining inson huquqlarini himoyalash nihoyatda katta ahamiyat kasb etadi.

Bunday masalalar Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan qamrab olingan bo`lib, mazkur maqsadlarga erishish uchun barcha aholi suv resurslaridan foydalana bilishini, bu resurslarning oqilona boshqarilishi, tegishli sanitariya shartlarga rioya qilinishini ta'minlash, barcha uchun barqaror va zamonaviy energiya manbalarini ta'minlash, iqlim o`zgarishiga qarshi tezkor choralarni ko`rish, shahar va aholi yashaydigan hududlarni inson turmushi, munosib hayoti uchun yaroqli va qulay, xavfsiz bo`lishini ta'minlash, er ekotizimlarini, o`rmonlarni qayta tiklab, ularni oqilona boshqarish, cho`llanishga qarshi kurashish, erlarning tanazzulga uchrashining oldini olish, biologik xilma-xillikning yo`qotilishini to`xtatish kabi masalalarga asosiy e'tiborni qaratish talab qilinadi.

Yuqoridagi masalalarni echishda o`z kuchlarini birlashtirishga kelishgan O`zbekiston hukumati va Birlashgan Millatlar Tashkilotining tizimi ikki tomonlama imzolangan YuNDAF 2016-2020 doirasida quyidagi natijaga erishishni maqsad qilib belgilashdi:

2020 yilga qadar qishloq aholisi tabiiy resurslarni samarali va oqilona boshqarish hamda iqlim o`zgarishi bilan bog`liq muammolarni hal qilish imkoniyatlariga ega bo`ladi;

Yuqoridagi natijaga erishishda BMT va hukumat quyidagi yo`nalishlarda yaqindan hamkorlik qilishga kelishgan:

a) Barqaror rivojlanish tamoyilini milliy qonunchilik va siyosat bilan uyg`unlashtirib, barqaror taraqqiyotni ta'minlashda aniq fakt va dalillarga asoslangan siyosat choralarini ishlab chiqish;

b) Suv va er resurslaridan foydalanish tizimini yanada takomillashtirib, qishloq xo`jaligining barqaror rivojlanishi hamda ozuqaviy xavfsizlikni ta'minlash. Bunda asosiy e'tibor barcha pog`onadagi idora va tashkilotlarning salohiyatini oshirish orqali qishloq xo`jaligining ishlab chiqarish tizimini yanada takomillashtirish, unumdorligi, daromadliligini oshirish, iqlim o`zgarishi bilan kurash, gender tengligini ta'minlash kabi masalalarga qaratiladi;

v) Iqlim o`zgarishiga moslashish, iqlim o`zgarishining oqibatida yuzaga keladigan muammolarni hal qilish, tabiiy ofatlarning xavfini kamaytirish. BMT o`z faoliyati doirasida mamlakat aholisi turli tabiiy talofatlarga tayyor bo`lishligini ta'minlashga intiladi. Shu maqsadda BMT yordamida mamlakatning qishloq va shaharlarida keng ko`lamdagi amaliy mashg`ulotlar o`tkazilib, bunda asosiy e'tibor tabiiy ofatlarning yuzaga kelishi xavfi yuqori bo`lgan hududlarga qaratiladi;

g) Energiya samaradorligini yanada oshirish, barcha fuqarolarni energiyadan foydalanish imkoniyatlari bilan ta'minlash. Hukumat va BMT o`rtasidagi hamkorlik doirasida barcha sohalarda energiyadan oqilona va tejamkorona foydalanishni amalga tadbiq qilish asosiy yo`nalishlardan biri hisoblanadi. Bunda yangilanuvchi, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish, ayniqsa uy-joy qurilish va shahar hududlarini rivojlantirish kabi sohalarda yangilanuvchi energiya manbalarini joriy etishga alohida e'tibor beriladi;

d) Biologik xilma-xillikni saqlash. Mazkur yo`nalishda BMT o`z hamkorlariga tegishli qonun hujjatlarini ishlab chiqish, ko`rgazma hududlarini tashkil qilish, yaylov va o`rmon resurslaridan oqilona foydalanish tizimini joriy etish, cho`llanishning oldini olish, unga qarshi kurashish, qo`riqlanuvchi tabiiy hududlarni kengaytirish va bioxilma-xillikni asrash kabi masalalarni echishda o`z yordamini beradi.

Shuningdek, BMT tizimi tabiatni asrash borasidagi an'anaviy bilimlar, odat va rasm-rusmlar, madaniy boyliklarni saqlab qolishga intiladi.

 

Habarlar_tematik yo'nalish III