Umumjahon matbuot erkinligi kuni (3 may)

 

  “Har bir inson erkin fikrlash va o`z fikrini erkin ifodalash huquqiga egadir; mazkur huquq fikrga ega bo`lish, uni himoyalash, ma'lumot va g`oyalarni istalgan vosita orqali izlash, olish va taqdim etish huquqini o`z ichiga oladi."                                                                              Umumjahon Inson huquqlari deklarasiyasining 19-moddasi

Umumiy ma'lumot

Umumjahon matbuot erkinligi kuni 1993 yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1991 yilda YuNESKO Bosh konferensiyasi 26-yig`ilishida berilgan tavsiyasi asosida joriy etilgan. Mazkur tavsiya, o`z navbatida, 1991 yilda Afrika jurnalistlari tomonidan ishlab chiqilgan OAV plyuralizmi va mustaqilligi haqidagi tarixiy Vindxuk deklarasiyasiga asoslangan edi.

Mazkur kun joriy etilishining asosiy maqsadi matbuot erkinligi tamoyillarini ilgari surish, butun dunyoda matbuot erkinligi holatiga baho berish, OAV erkinligi, mustaqilligiga qilinayotgan tajovvuzlarning oldini olish, OAVni himoya etish, o`zining kasbiy burchini bajarayotganda ko`z yumgan jurnalistlarni yodga olishdan iboratdir.

Bu sana nimaga muhim?

- fikrni ifoda etish erkinligi samarali davlat boshqaruvining ustuvor tamoyillaridan biridir;

- ushbu erkinlik davlatlarda amalga oshirilayotgan siyosiy islohotlar, aholiga ko`rsatilayotgan davlat xizmatlarining sifati haqidagi ma'lumot beruvchi muhim bir vositadir, qolaversa, mazkur erkinlik mamlakat hukumatining aholi oldidagi hisobdorligi, ochiqligini ta'minlovchi, uni nazorat qilishga zamin yaratuvchi bir tamoyildir

Mazkur sanani BMT qay tarzda nishonlaydi?

BMTning matbuot erkinligi to`g`risidagi g`oyani ilgari surish masalasi bo`yicha ixtisoslashgan tashkiloti bo`lmish YuNESKO agentligi har yili Umumjahon matbuot erkinligi kunini nishonlash bilan bog`liq tadbirlarni tayyorlash, o`tkazish jarayonini boshqarib boradi va dunyoning turli mamlakatlarida tegishli tashabbus va tantanali tadbirlarni amalga oshirishda faol ishtirok etadi.

Shuningdek, mazkur kunda YuNESKO/Gilermo Kano nomidagi matbuot erkinligi bo`yicha maxsus sovrini ham taqdim etiladi. Mazkur sovrin 1997 yilda joriy etilgan bo`lib, dunyo bo`ylab matbuot va fikr erkinligi g`oyalarini ilgari surgan, ayniqsa xavfli vaziyatlarda mazkur erkinlik va huquqni himoya etishga o`z hisasini qo`shgan insonlar va tashkilotlarga taqdim etiladi.

2015 yilda Umumjahon matbuot erkinligi kuni quyidagi masalalarga bag`ishlandi:

- Sifatli jurnalistika, tobora takomillashib borayotgan axborot va aloqa texnologiyalarning hayotimizga kirib kelishini inobatga olgan holda aniq, mustaqil ravishda axborot etkazib berish muammosi dolzarbligicha qolmoqda.

- 20 yil ilgari Pekin deklarasiyasi qabul qilinishiga qaramasdan, OAVda hanuz gender tengligi to`liq o`rnatilmagan. OAVda boshqaruv lavozimlarini egallab turuvchi ayollarning soni nihoyatda kamdir.

 

- Raqamli ma'lumotlar xavfsizligi, axborot manbalarining xavfsizligini ta'minlash masalasi jurnalistlar uchun nihoyatda mushkul bo`lib qolmoqda.

 

BMT Bosh kotibining XMEK munosabati bilan yo'llagan murojaati
XMEK O`zbekistonda