BMT va O'zbekiston
Kerakli manbalar
Kuzatib boring

BMT matbuotda

"Gap odam fikirlashini ijobiy tarafga o‘zgartiruvchi hayotiy va kasb tajribasi haqida ketyapti"

26 Yanvar 2012

Odamlarning aksariyati “yangi joy”da ish boshlaganda atrofda nimalar sodir bo‘layotganini anglamay, o‘zlarini noqulay his qiladilar. Buning sababi shundaki, ish tajribasiga ega odimlar orasida yangi kelgan kishi o‘zining mazkur sohadan kam xabardorligi bilan ajralib turadi. Ko‘p olimlar aynan shu hissiyot odam fikirlashini o‘zgartirib, miyaning rivojlanishiga sabab bo‘ladi deb hisoblaydi. Bunday noqulaylik aslida juda yoqimsiz his bo‘lib, insonning o‘ziga holis baho berishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi va stress holatlarini keltirib chiqarishi mumkin. Tajribasiz yosh mutaxassislar uchun stress holatlarini qisman chetlab o‘tib, bu yoqimsiz hisni bartaraf etish yo‘li bor. Masalan, biror yerda stajchi, amaliyotchi, o‘quvchi, yordamchi yoki shunga o‘xshash lavozimda  ishlash mumkin. Bunday lavozimlarda ishlaganda yosh mutaxassis zarur tajribaga ega bo’ladi. Buning afzalligi shundaki, yosh mutaxassisdan bajarish lozim bo‘lgan vazifalarni nafaqat talab qiladilar, balki qanday bajarish kerakligini o‘rgatadilar ham. Bu lavozimlar kam mas’uliyat talab etadi. Shuning uchun stress ham kamroq bo‘ladi.  

Barcha sohalarda xatolar, asosan tajribasizlik tufayli sodir etiladi.  Aynan shuning uchun ham G‘arbda, yangi xodimni ishga qabul qilayotganda, asosan uning tajribasiga e’tibor qaratiladi.

BMT Axborot markazida ishlar ekanman, bu yerdan men uchun muhim ahamiyatga ega bo’lgan tajribani olayotganimni ta’kidlamoqchiman. Men xujjatlarga yoziladigan va “falon vaqtda, falon yerda ishlaganman” deb g‘ururlanadigan “tajriba”ni nazarda tutmayapman. Gap odam fikirlashini ijobiy tarafga o‘zgartiruvchi hayotiy va kasb tajribasi haqida ketyapti.

BMT Axborot markazida ishlash jarayonida men mutaxassislik yo‘nalishimni saqlab qolgan holda butun qobiliyatimni ishga solaman. Mutaxassisligim xalqaro munosabatlar bo‘lishiga qaramay, ijodiy fikrlash, til, muomala, tashkilotchilik, kompyuter  va boshqa yo’nakishlarda bilimlarimni keng qo‘llayman. Kundalik takrorlanuvchi ish yo‘qligi – har kun yangi ish qilish kerakligi menga o‘zimni yangidan-yangi yo‘nalishlarda sinab ko‘rish imkoniyatini yuzaga keltiradi.

Yana bir muhim omil bu - men ishlaydigan jamoa. Birga ishlaydigan odamlarning shaxsiy sifatlari va kasb mahorati menga ma’qul. Ularning har biri o‘z ishining ustasi bo‘lib, jamoaning boshqa vakillariga hurmat va muloyimlik bilan munosabatda bo‘ladilar. Bunday insonlar bilan muloqot qilish natijasida ko‘p narsa o‘rganasiz. Men odamning shaxsiy sifatlari va kasb mahoratini rivojlantirish imkonini bermay, ko‘p vaqtini oladigan joyda ishlashni istamagan bo‘lar edim. Ta’kidlab o‘tish joizki, BMT Axborot markazi kabi tashkilotlarda har doim bevosita ish jarayonida o‘z qobiliyatingizni rivojlantirish imkoniyati bor.

Muallif haqida

Timur Bakayev

Intern, UN Information Office in Tashkent